
Bugun kunning ikkinchi yarmida Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov Xitoy Xalq Respublikasining Xinjiang Hongtai Seed Industry Technology kompaniyasi direktori janob Lu Desheng bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida kompaniyaning paxtachilik sohasidagi ilmiy natijalari va yutuqlari muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu kompaniyaning kösak qurti, sho‘r va gerbitsidga chidamli genli g‘o‘za navlarini O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazish, namoyish maydonchasini tashkil qilish, sinovdan o‘tgan navni patentlash, mahalliy iqlimga mos agrotexnika usullarini ishlab chiqish borasida kelishuvga erishildi.
Shundan so‘ng Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xinjiang Hongtai Seed Industry Technology kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolandi. Bu hamkorlik O‘zbekistonda yangi serhosil, sho‘rga, hasharotlarga va gerbitsidga chidamli g‘o‘za navlarini yaratish hamda agrotexnologiyalarni takomillashtirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

