
Xitoyning dunyoga mashhur Xinjiang Jinghua Seed urug‘chilik kompaniyasi bilan O‘zbekiston mahalliy g‘o‘za navlariga BT genini tezkor o‘tkazish (8 oy) va tola chiqimini (45 foiz) oshishini nazorat qiladigan genni O‘zbekistonda ham patentlash va mahalliy navlarning genotipiga o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar rahbarlaridan iborat delegatsiya xizmat safari doirasida Hubei provinsiyasidagi dunyoga mashhur va nufuzli Xinjiang Jinghua Seed urug‘chilik kompaniyasining Hainandagi tarmoq tashkiloti faoliyati faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Xinjiang Jinghua Seed urug‘chilik kompaniyasi paxta va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarining yuqori avlodli urug‘liklarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya olimlari tomonidan kashf qilingan innovatsion texnologiyalar esa dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, ular g‘ozaga BT genini o‘tkazishning zamonaviy va tezkor usulini ishlab chiqqan bo‘lib, bu jarayon an’anaviy backcross usuliga nisbatan ancha samarali ekani bilan ajralib turadi. An’anaviy usulda BT genini g‘ozaga o‘tkazish 2-3 yil talab qilsa, yangi texnologiya yordamida 8 oy kifoya qiladi, xolos. Olimlar bu jarayonda oshqozon bakteriyasi (Escherichia coli) dan foydalangan holda yuqori samaradorlikka erishgan.
Shuningdek, delegatsiya a’zolarini qiziqtirgan yana bir muhim yangilik – tola chiqimini 45 foizdan oshirishni nazorat qiluvchi gen bo‘ldi. Bu texnologiya paxta tolasining hosildorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Shuhrat Otajonov bu borada shunday fikr bildirdi:
— Ushbu yangi texnologiyalar o‘zimizda ham tatbiq etilsa, mahalliy paxta navlarining tola chiqimini oshirishga katta hissa qo‘shadi. Bu esa paxta xomashyosini qayta ishlash samaradorligini yuksaltirish, milliy iqtisodiyotga salmoqli foyda keltirish va fermerlar daromadini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agroteхnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xinjiang Jinghua Seed urug‘chilik kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Kelishuvga ko‘ra Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida qishloq xo‘jalik ekinlarining serhosil nav va duragaylarini yaratishda hamkorlik qilinadi, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi bilan g‘o‘za va boshqa turdagi qishloq xo‘jalik ekinlarining urug‘chiligi rivojlantiriladi.
Shuningdek, kompaniyaning seleksiya bo‘yicha katta konsultanti doktor Zhu Zhenmin bilan tola chiqimini 45 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlovchi genni O‘zbekistonda ham patentlash va mahalliy navlarning genotipiga o‘tkazish bo‘yicha kelishildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligining boshqa ekinlariga oid duragay navlarni yaratish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi belgilab olindi.
Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash va qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni joriy etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
