Ilm-fanga sarmoya: Yangi grantlar, zamonaviy laboratoriyalar va yashil energiya

Bugun Milliy markazda ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun investitsiya va grantlarni jalb qilish masalalari muhokama qilingan kengaytirilgan yig’ilish bo’lib o’tdi. Yig’ilishga Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov rahbarlik qildi.

Toshkent viloyatida joylashgan ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari yig’ilishda shaxsan ishtirok etgan bo’lsa, viloyatlardagi muassasalar rahbarlari Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etdi. Ilk taqdimotni Paxta seleksiyasi, urug’chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Shodmon Namozov boshlab berdi. Shundan so’ng, boshqa ilmiy muassasalarning rejalar va tashabbuslari muhokama qilindi.

Katta mablag’lar, katta rejalar

2025 yil uchun investitsiya va grantlar jalb qilish bo’yicha 5 million dollarlik reja belgilan. Taqdimotlardan ko’rinib turibdiki, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutidan boshqa ilmiy muassasalar ushbu rejadan 50 foizga teng bo’lgan investitsiya va grantlar bo’yicha xalqaro loyihalarni shakllantirgan.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti joriy yil uchun 7 million dollardan ziyod investitsiya paketi shakllantirganini e’tirof etildi. Bu ko’rsatkich nafaqat institutning, balki milliy ilmiy-tadqiqot tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yashil energiyaga yo’naltirilgan investitsiya

Yig’ilishda ushbu institut direktori Rustam Nizomovning Xalqaro ilmiy-texnik dastur doirasida 2025 yilda Toshkent ilmiy-tajriba stansiyasi hududiga Fransiyaning “Voltalia Agro” kompaniyasi tomonidan 900 ming AQSh dollari qiymatidagi investitsiya mablag’lari hisobidan 500 kVtlik quyosh panellari o’rnatish bo’yicha rejasi yig’ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi. Ushbu loyiha energiya tejash va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini ekologik toza manbalar bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.

Zamonaviy laboratoriyalar va xalqaro hamkorlik

Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov o’z so’zida ilmiy muassasalar uchun investitsiyalar va grantlarni jalb qilish ilmiy faoliyatni takomillashtirishini ta’kidladi. Shuningdek, qishloq xo’jaligini modernizatsiya qilish dasturi doirasida ajratilayotgan Jahon banki mablag’larini o’zlashtirish, ilmiy faoliyatni takomillashtirish uchun zamonaviy laboratoriyalar xarid qilish masalasiga alohida e’tibor qaratish kerakligini bildirdi.

Yig‘ilish davomida innovatsion loyihalar, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va grantlar jalb qilish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Ilmiy muassasalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va ularning salohiyatini yana-da oshirish maqsadida aniq yo‘l xaritasi ishlab chiqishga qaror qilindi. Yig‘ilish yakunida tegishli topshiriqlar berildi va ilmiy muassasalarga grantlar jalb qilish faoliyatini yana-da jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Прокрутить вверх