
Paxta seleksiyasi, urug‘chilig‘i va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti mamlakatimiz paxtachiligining o’zagi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, ushbu ilmiy muassasa O‘zbekistonda paxta ilmining markazi sanaladi. Bu institutda yaratilgan g‘o‘za navlari yaqin yillargacha mamlakatimizdagi paxta yetishtiriladigan umumiy maydonning qariyb 90 foizini egallagan. Biroq bu ko‘rsatkich endi o‘zgartishi mumkin. Ushbu ma’lumot va fikrlar bugun Milliy markazda bo‘lib o‘tgan Paxta seleksiyasi, urug‘chilig‘i va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yildagi faoliyati yuzasidan tashkil etilgan hisobot yig‘ilishida institut direktori, akademik Shodmon Namozovning taqdimotida ta’kidlandi. Chindan ham bugun xorijdan tabiiy muhitdagi stress omillar, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar kirib kelayapti, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi ham. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak, chunki ilm bir joyda depsinib turmaydi. Dunyo ilm-fani yutuqlarini qabul qilish kerak, qolaversa, raqobat bor.
Institutning ilmiy jamoasi ham o‘zbek paxta ilmining nafaqat mamlakatdagi, balki dunyodagi nufuzini oshirish maqsadida tinimsiz izlanmoqdalar, seleksiya yutuqlarini amaliyotga joriy qilmoqdalar. So‘zimiz quruq bo‘lmasin, hisobotdan olingan faktlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2024-yilda g‘o‘zaning 10 ta navi yaratildigan, 6 ta nav Davlat reyestriga kiritilib, 11 ta nav uchun patent olingan. Amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalarning soni ham ortgan. Masalan, institut olimlari 2023-yilda 19 ta loyiha ustida ishlagan bo‘lsa, 2024-yilda loyihalar soni 26 tani tashkil qilgan. Izlanishlar natijasida olingan natijalar asosida 390 ta maqola chop etilgan. Ushbu maqolalarning 43 tasi Scopus va Web of Science bazasidagi nashrlarda e’lon qilingan.
Shuningdek, hisobot taqdimotida boshqa yo‘nalishlar va ishlab chiqarishdagi ko‘rsatkichlar ham yig‘ilish ishtirokchilariga ma’lum qilindi. Taqdimotdan so‘ng hisobotda keltirilgan ma’lumotlar va faktlar muhokama qilindi. Yutuqlar e’tirofi barobarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilindi.
Hisobot tayyorlanganda yuzakilikka yo‘l qo‘yilgan. Chunki taqdimotda berilayotgan ayrim ma’lumotlar bizga taqdim qilingan hisobot nusxasidan farq qilayapti. Men hisobot bilan tanishish jarayonida ana shunday faktlarni qayd etib qo‘ydim. Bunday holat boshqa ilmiy muassasalarining hisobotida ham kuzatilayapti. Bu kabi mas’uliyatsizlikka chek qo‘yish, bajarilgan ishlar ko‘rsatkichlarini puxta tahlil qilish lozim. Chunki ilm bu tahlil va tadqiqdir. Agar biz mana shu mezonlarga amal qilmaydigan bo‘lsak, unda natijaga erisha olmaymiz, – deya tanqidiy fikr-mulohazalarini bayon qildi yig‘ilishga raislik qiluvchi Milliy markaz direktori o‘rinbosari Bunyod Mamarahimov.
Muhokamalar davomida Milliy markazning tegishli bo‘limlari rahbarlari tomonidan hisobotda keltirilgan faktlar tanqidiy tahlil qilindi. Misol uchun, Milliy markazning Ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va doktorantura bo‘limi boshlig‘i Shahnoza Ergasheva institutda 108 nafar ilmiy xodim bo‘la turib, Scopus va Web of Science bazasidagi nashrlarda 42 ta maqola chop etilgani, iqtiboslar sonining kamligi, bori ham o‘z-o‘zimizga taalluqli ekanligi natijalar pastligidan darak berishini ta’kidladi. Institutning ilmiy tajriba stansiyalaridagi ilmiy faoliyat va ayrim stansiyalardagi moliyaviy masalalardagi kamchiliklar ham muhokamalar markazidan o‘rin oldi. Yig‘ilish so‘nggida hisobotni puxta-pishiq tayyorlash va hisobot yig‘ilishida bildirigan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

