Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydonida paxtachilikda suvtejаmkor sug‘orish texnologiyalarini qo‘llashga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «Agrobank», «Suvchilar maktabi» hamda mazkur institut hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, olimlar, professor-o‘qituvchilar va fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda tomchilatib, yer ostidan va diskret sug‘orish usullari, bug‘doyni yomg‘irlatib sug‘orish, sug‘orish jarayonida g‘o‘zani oziqlantirish, shuningdek, an’anaviy va zamonaviy sug‘orish texnologiyalarining samaradorligi muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Toshkent viloyatining bo‘z tuproqlari sharoitida hududning tuproq-iqlim xususiyatlari, yerlarning meliorativ holati va ekin turlarini hisobga olgan holda suvtejаmkor sug‘orish rejimlarini ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari taqdim etildi.
Loyiha ijrochilari tajriba maydonida olingan natijalarni amaliyotda namoyish etib, ishtirokchilarga suvtejаmkor texnologiyalarni to‘g‘ri qo‘llash, suv va resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berdi.


