Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyatida Paxtachilik va polizchilik qishloq xo‘jaligi tajriba stansiyasi tomonidan tashkil etilgan “Dala kuni” xalqaro ilmiy-amaliy seminarida Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktorining o‘rinbosari Abror Qurbonov ishtirok etdi.
Seminar doirasida Qozog‘iston Respublikasi tomonidan moliyalashtirilgan qo‘shma ilmiy loyiha doirasida amalga oshirilgan tadqiqotlar va ularning natijalari taqdim etildi. Jumladan, institut tomonidan Qozog‘iston seleksiyasiga mansub g‘o‘za namunalarida molekulyar-genetik tahlillar o‘tkazilib, sho‘rlanishga chidamli, ertapishar, serhosil hamda yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega yangi g‘o‘za navlarini yaratishga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Tadbir davomida institutda zamonaviy biotexnologiya va molekulyar seleksiya asosida olib borilayotgan tadqiqotlar, yangi ilmiy yondashuvlar va erishilgan natijalar haqida ma’ruza qilindi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va tuproq sho‘rlanishi kabi dolzarb muammolarga ilmiy yechimlar ishlab chiqishda xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.


