Bugungi kunda paxtachilikda yuqori hosildorlik bilan bir qatorda, zararkunandalarga qarshi ekologik xavfsiz kurash usullarini joriy etish, zamonaviy yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish va mexanizatsiyadan samarali foydalanish muhim vazifalardan biridir.
Shu yo‘nalishda O‘zbekiston va Xitoy olimlari ishtirokida amalga oshirilayotgan 2024BA003 xalqaro ilmiy loyiha doirasida tadqiqot va sinov ishlari olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar va zamonaviy texnologiyalarni muhokama qilish maqsadida loyihaning hamkor tashkiloti — Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “Tiancheng Agriculture Equipment” MCHJda seminar-muloqot tashkil etildi.
Muloqot davomida g‘o‘za dalalaridagi zararkunandalar, agroekotizimdagi biologik muvozanat va biologik himoya imkoniyatlari, shuningdek, hamkorlikdagi tadqiqotlarni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, O‘zbekiston va Xitoy paxta dalalaridagi zararkunandalar hamda foydali entomofaunani qiyosiy o‘rganish ikki mamlakat sharoitiga mos, samarali va ekologik barqaror himoya tizimlarini ishlab chiqish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.


