
Sarlavhani bejiz shunday nomlamadik. Boisi, bugun Milliy markazda bo‘lib o‘tgan “Doktorantlar kuni”da Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Ikrom Qoraboyev aytib o‘tgan ushbu so‘zlar ko‘pchilik izlanuvchilarni sergak torttirgan bo‘lsa, ajab emas. Bu haqda quyida yana to‘xtalamiz.
Bugun an’anaga ko‘ra “Doktorantlar kuni” doirasida tizimdagi ikkita ilmiy muassasaning doktorantlari seminariga jalb qilindi. Tadbirda bevosita ishtirok etgan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti doktorantlari jamoasidan izlanuvchi Alisher Muradullayev “G‘ozaning yuqori haroratga morfofiziologik va biokimyoviy ko‘rsatkichlari bardoshli navlarni yaratish” mavzusidagi izlanishlari natijasini ekspertlar hukmiga havola qildi.


Qisqacha aytganda, izlanuvchi o‘z oldiga g‘o‘za tizimlarining morfofiziologik va biokimyoviy xususiyatlari asosida ularning yuqori haroratga bardoshliligini baholash mezonlarini ishlab chiqish hamda moslashuvchan yangi tizimlarni nav darajasiga yetkazishni maqsad qilgan. Taqdimotdan anglashiladiki, tadqiqotchi maqsadni amalga oshirish uchun ancha izlangan. Har qalay, ilmiy izlanishi davomida kuzatuvlari va hisob-kitoblarini ikki enli qog‘ozga tushirib, ustoz olimlar oldida ma’ruza qildi. Ayrim kamchiliklar aytilganda esa, o‘zining ilmiy qarashlari va xulosalarini himoya qilishga o‘zida kuch topa oldi.
Ekspertlar tadqiqotda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan tadqiqotchiga to‘g‘ri yo‘nalish berib, ilmiy ishdagi asosiy mavzudan chalg‘ituvchi, behuda vaqt sarflanadigan, ammo balandparvoz gaplar bilan ifodalangan qo‘shimcha vazifalardan voz kechishni maslahat berishdi.
Ikkinchi taqdimotchi bo‘lgan Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti 3-kurs tayanch doktoranti Dilmurod Beknazarov “ Siderat ekinlarining tuproq unumdorligi va g‘o‘za, soya, mosh ekinlarining mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga ta’siri” mavzusidagi ilmiy ishi natijalari bilan ishtirok etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida siderat ekinlari (siderat sifatida ekilgan don va dukkakli o‘simliklar) tuproqdagi organik modda miqdorini oshiradi, tuzilishini yaxshilaydi hamda nam saqlash qobiliyatini kuchaytiradi.
O‘tkazilgan kuzatuv va tahlillarga ko‘ra, siderat sifatida joriy qilingan ekinlar – lyupin, mosh, don jo‘xori va boshqalar tuproq unumdorligini 15–20% ga oshirgan. Bu esa, o‘z navbatida, keyingi asosiy ekinlar – g‘o‘za, soya va moshning mahsuldorligida 10–25% o‘sishga olib kelgan. Doktorant tomonidan iqtisodiy hisob-kitoblar orqali siderat ekinlarini joriy etishning samaradorligi va iqtisodiy foydasi aniqlangan.


Biroq taqdimotchi ekspertlarning mavzu yuzasidan bergan savollariga asosli javob berishga qiynaldi. Bu esa ekspertlarda tadqiqot davomida qo‘lga kiritilgan natijalar aniq tahlil qilinmagan degan qarashni uyg‘otdi. Shundan so‘ng ustoz olimlar taqdimotchiga ilm mavhumlikni emas, aksincha aniq hisob-kitobni talab qilishini ta’kidlashdi va ilmiy ishni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.
Yuqarida ta’kidlaganimizdek, professor Ikrom Qoraboyev so‘nggi paytlarda ko‘plab doktorantlarning ilmiy ishida jimgimador, balandparvoz gaplar bilan yozilgan, asosiy mavzudan chalg‘ituvchi vazifalar ko‘payib ketayotganiga e’tibor qaratib, tadbir yakunida ilm faqat balandparvoz gaplar bo‘lmasligini yana bir bor ta’kidladi.