Xitoy paxtachilik bioseleksiyasi milliy laboratoriyasi bilan tanishuv

Avval xabar berilgandek, (https://t.me/AKIS_milliy_markaz/10119)Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Safar davomida delegatsiya qator ilmiy va ta’lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazib, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Zhengzhou universitetining Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari institutiga tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda paxta yetishtirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun aytish kerakki Zhengzhou universiteti qoshidagi ushbu ilmiy muassasada dunyoga mashhur, BT genli g‘o‘za navlarini yaratish bo‘yicha taniqli olim, Butunxitoy paxtachilik uyushmasi raisi, professor doktor Li Fuguang faoliyat yuritadi. U Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining (CAAS) Paxta tadqiqot instituti (ICR) professori bo‘lib, asosan paxta seleksiyasi va genetikasi sohasida tadqiqotlar olib boradi. Uning ilmiy ishlari paxta navlarini yangilash, hosildorlikni oshirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Shuningdek, doktor Li Fuguang xalqaro anjumanlar va loyihalarda faol ishtirok etib, sohadagi zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishda katta tajribaga ega.

Delegatsiya a’zolari professor Li Fuguang rahbarlik qilayotgan laboratoriyada bo‘lib, genetik muhandislik va yangi paxta navlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar haqida taqdimotni tingladilar. Ilmiy uchrashuv davomida tomonlar kelgusi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, taniqli olim bilan BT genlarini O‘zbekistondagi g‘o‘za navlariga o‘tkazish va bu borada hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib oldilar.

Ushbu tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Прокрутить вверх