Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashda Xitoy bilan 10 million dollarlik hamkorlik kelishuviga erishildi

Shu kunlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida muhim kelishuvlar imzolandi.

Xususan, Milliy markaz tizimidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoy Qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi akademiyasi o‘rtasida umumiy qiymati 10 million AQSh dollariga teng bo‘lgan bitim tuzildi.

Ushbu kelishuv asosida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘uvchi yirik zavod tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa fermer va dehqonlarni zamonaviy texnika bilan ta’minlash, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va import texnikalarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari zamonaviy chigit ekish va paxta xomashyosini terish texnikalarini ishlab chiqaruvchi zavod faoliyati bilan ham tanishdi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston agrar sohasini modernizatsiya qilish va texnik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Прокрутить вверх