Hindistonning AlpGIRI kompaniyasi boshqaruvchi direktori Girishbhai Patel institutimizga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida g‘o‘za seleksiyasi, genetika va biotexnologiya yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Hindiston kompaniyasi tomonidan yaratilgan yangi g‘o‘za navlarini O‘zbekistonning turli tuproq-iqlim sharoitlarida sinovdan o‘tkazish, institut olimlari bilan hamkorlikda yangi istiqbolli g‘o‘za navlarini yaratish, shuningdek, mahalliy seleksiya navlariga GT va BT genlarini o’tgazish orqali ularning imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish, zamonaviy seleksiya va biotexnologik yondashuvlardan foydalanish hamda istiqbolli ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston paxtachiligida innovatsion seleksiya texnologiyalarini rivojlantirish, yangi avlod g‘o‘za navlarini yaratish va xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.






