Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasida g‘o‘za seleksiyasi va yangi navlar yaratish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda institut hamda ilmiy-tajriba stansiyasi olimlari tomonidan yaratilgan mahalliy g‘o‘za navlariga xorijiy navlarni chatishtirish va xorijiy g‘o‘za navlarining belgi-xususiyatlarini mahalliy navlarga to‘la-to‘kis o‘tkazish uchun amalga oshirilayotgan bekkross chatishtirish, shuningdek, yangi istiqbolli nav va tizimlarni yaratish hamda seleksiya jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Seminar davomida fermer xo‘jaliklarida ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish, texnika va agrotexnik tadbirlar bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladigan g‘o‘za navlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tajriba maydonlarida 5 ta ko‘chatzor — 2 ta seleksion ko‘chatzor, biologik ko‘chatzor, ko‘paytirish ko‘chatzori, shuningdek, kichik va katta nav sinovi ko‘chatzorlari tashkil etilgan. Ularda g‘o‘zaning turli duragay kombinatsiyalari, oila va tizimlar ustida seleksiya ishlari olib borilmoqda. Seminar davomida ishtirokchilarga tajriba maydonlaridagi ilmiy-tadqiqot ishlari va seleksiya jarayonlari amaliy tarzda namoyish etildi.


