
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida “Doktorantlar kuni” doirasida ilmiy seminar tashkil etildi. Tadbirda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida tahsil olayotgan doktorantlar o‘z ilmiy izlanish natijalarini taqdim etdilar.
Seminar qishloq xo‘jaligi seleksiyasi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar, jumladan iqlim o‘zgarishiga mos, bardoshli va yuqori mahsuldor navlar yaratish bo‘yicha izlanishlarni muhokama qilish maydoniga aylandi.
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari instituti doktoranti Elmira Matyoqubova Gossypium barbadense L. turiga mansub biotiplardagi morfobiologik belgilar polimorfizmi bo‘yicha olib borgan tadqiqoti natijalari bilan ishtirok etdi. U jahon kolleksiyasiga kiruvchi navlar va ular asosida yaratilgan tizimlardagi bosh poya balandligi, ko‘saklar soni, tola chiqimi kabi ko‘rsatkichlarini o‘rgangan. Uning ta’kidlashicha, OTP-23, OST-7 va TTB-2 tizimlari tezpisharligi va yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi.


Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Mahliyo Jumanova esa fasol ekinlari bo‘yicha amalga oshirgan tadqiqotlari bilan qatnashdi. U issiqlik va qurgoqchilikka bardoshli, oqsil miqdori yuqori va katta donli fasol boshlang‘ich tizimlarini yaratish maqsadida 15 ta kombinatsiyada duragaylash ishlarini olib borgan va 9 ta istiqbolli tizimni saralagan.
Seminarning muhokama qismi bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Taqdimotda ishtirok etgan ekspertlar ilmiy ishlardagi yutuqlarni e’tirof etish bilan birga yo‘l qo‘yilgan nuqsonlarni ham chuqur tahlil qildilar. Xususan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i G‘afurjon Parpiyev Mahliyo Jumanovaning tadqiqoti yuzasidan so‘zga chiqib, mavzuda tadqiqotning maqsadi va vazifalariga aniqlik kiritish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, fasol ekini bo‘yicha biotik va abiotik omillar o‘rtasidagi bog‘liqlik yetarlicha ilmiy asoslanmaganini qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari fikricha, bunday seminar va muhokamalar yosh tadqiqotchilar uchun amaliy tajriba, to‘g‘ri yo‘nalish va ilmiy yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etad.