

Mamlakatimizda yoshlar tarbiyasi va ularning ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Boisi, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har yili 30-iyun “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Bu sana nafaqat bayram, balki yoshlar bilan samimiy muloqot maydoniga aylanadi. Ana shunday uchrashuvlar chog‘ida yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan, bilimga chanqoq, g‘oyasi bor yoshlar o‘z taklif va tashabbuslarini Prezidentga bevosita yetkazish imkoniga ega bo‘ladilar.
Bu yilgi muloqotda ham ko‘plab istiqbolli g‘oyalar ilgari surildi. Ayniqsa, Jamoliddinov Abdulloh Kamoliddin o‘g‘lining “Aqlli tomorqa” loyihasi Prezident tomonidan ijobiy baholanib, uni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli vazifalar yuklatildi. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarda loyihani sinovdan o‘tkazish ishlari boshlandi.
Loyihani hayotga tatbiq etish maqsadida bir qator amaliy ishlar boshlab yuborildi. Eng avvalo, respublikadagi turli ilmiy-tadqiqot muassasalari qoshida sinov maydonlari tashkil etildi. Masalan, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti hududida 2 sotixli maydonda, Paxta seleksiyasi ilmiy-tadqiqot institutida esa 3 sotix yerda sinov ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida ham 1 sotix maydon ajratilib, loyiha bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yildi.


Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Qashqadaryo, Namangan, Jizzax, Surxondaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ham har biri 1 dan 3 sotixgacha bo‘lgan yer maydonlarida “Aqlli tomorqa” loyihasi sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu maydonlarda turli turdagi sabzavot va mevalar ekilishi bilan birga, resurs tejamkor texnologiyalar, masofaviy nazorat sensorlari, tuproq namligini o‘lchovchi uskunalar, dronlar va avtomatlashtirilgan sug‘orish tizimlari sinovdan o‘tkazilyapti.
Loyiha samaradorligi o‘zini oqlasa, kelgusida uni boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari tajriba maydonlarida ham bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Bu esa, nafaqat qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirish, balki yoshlarning ilmiy-ijodiy salohiyatini rag‘batlantirish, ularning g‘oya va tashabbuslarini real hayotga tatbiq etish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.