Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Davlat ichki auditi va moliyaviy nazoratni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari faoliyatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro ekspert Andra Larin tomonidan Xalqaro ichki audit standartlari (GIAS) asosida “Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit tadbirlarini o‘tkazish qo‘llanmasi” loyihasi ishlab chiqilgan.
Mazkur qo‘llanma loyihasini amaliyotda tajriba-sinovdan o‘tkazish maqsadida Paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutida pilot audit tadbiri tashkil etildi.
Xalqaro ekspert hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Ichki audit xizmati xodimlari hamkorligida muayyan soha va jarayonlar bo‘yicha audit o‘tkazildi.
Audit tadbiri mavzusi: “Bir necha kasb yoki lavozim vazifalarini bajarishni o‘rindoshlik sifatida rasmiylashtirish holatlarini o‘rganish”.
Tajriba-sinov jarayonida yangi audit usullari, ilg‘or xalqaro tajribalar hamda tegishli mexanizmlarni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari va samaradorligi baholanadi.
Audit yakunlari bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, samarali deb topilgan usullarni kelgusida normativ-huquqiy hujjat shaklida tasdiqlash hamda amaliyotga keng joriy etish nazarda tutilgan.
Mazkur tadbir ichki audit tizimini takomillashtirish, xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etish va moliyaviy nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.



