Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida muhim bosqich boshlandi. Prezidentimizning 2025-yil 4-sentabrdagi PF–153-sonli “Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan muhim hujjat — qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

– qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari (paxta va g’alladan tashqari) tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishda QQSning “nol” stavkasi joriy etiladi;
– to‘langan QQS summasi 3 kun ichida avtomatlashtirilgan tarzda qaytariladi;
– elektron hisobvaraq-fakturalar real vaqt rejimida xavf darajasiga qarab tahlil qilinadi.
Natijada nima o‘zgaradi?
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu tartib nafaqat soliqqa oid jarayonlarni soddalashtiradi, balki fermer xo‘jaliklarining moliyaviy intizomini mustahkamlaydi, ularning kredit va sug‘urta tizimlaridan foydalanish imkoniyatini ham kengaytiradi.