
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi, xususan paxtachilik sohasida ilmiy poydevorga ega yetakchi muassasalardan biri hisoblanadi. Aynan shu institutda bugungi kunga qadar to‘rt yuzdan ortiq g‘o‘za navlari yaratilgan bo‘lib, yuzdan ortiq navlar ommaviy ekishga tavsiya etilgan. Hozirgi vaqtda yurtimiz bo‘ylab paxta ekilayotgan maydonlarning qariyb 70 foizida institut tomonidan yaratilgan 30 ta g‘o‘za navlari yetishtirilmoqda. Bu esa institut ilmiy jamoasining ko‘p yillik izlanishlari va fidokorona mehnatlari samarasi ekanidan dalolat beradi.



Bugun ushbu ilmiy dargohda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda institut faoliyati har tomonlama tahlil qilinib, so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar yana bir bor e’tirof etildi. Yig‘ilishni kirish so‘zi bilan ochgan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov institut salohiyatiga yuksak baho berar ekan, quyidagilarni ta’kidladi: “Mazkur institut – paxtachilik sohasining yuragi. Yillar davomida yaratilgan g‘o‘za navlari, ularning dalalarda sinovdan o‘tkazilishi va amaliyotga tatbiq etilishi institut jamoasining mashaqqatli va izchil mehnatlari evaziga ro‘yobga chiqqan. Har bir nav – bu o‘n-o‘n besh yillik ilmiy izlanishlar, amaliy tajribalar va zamonaviy yondashuvlar natijasidir. Oldimizda esa yangi bosqich turibdi: innovatsion uslublarni keng joriy etish, raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, tuproq-iqlim sharoitlariga mos seleksiya ishlarini kuchaytirish orqali paxtachilikni yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur. Vazirlik tomonidan ilmiy muassasalarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash va tadqiqotlar samaradorligini oshirish doimiy e’tiborda bo‘ladi.”
Yig‘ilish davomida institut rahbariyatidagi o‘zgarishlar munosabati bilan tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Institut direktori lavozimida samarali faoliyat yuritib kelgan akademik Namozov Shadman Ergashovich Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori lavozimiga tayinlangani bois Qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, institut direktori lavozimiga Toshkent davlat agrar universiteti qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi kafedrasi professori Raxmankulov Murod Said-Akbarovich tayinlandi.
Yig‘ilish yakunida institut ilmiy jamoasi vakillari so‘zga chiqib, Shadman Namozovning rahbarligida erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, unga yangi lavozimdagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladilar. Shuningdek, yangi direktor Murod Raxmankulovga ham ilmiy jamoa bilan hamkorlikda yanada yuksak marralarni zabt etishda omad va zafarlar tilandi.