YOSH OLIMA G’O’ZANI KASALLIKLARGA BARDOSHLI QILISH USTIDA IZLANMOQDA

O’tgan yil Milliy markaz rahbariyati tomonidan tashkil qilingan «Doktorantlar kuni» an’anaviy tarzda davom etib kelmoqda. Maqsad, yosh olimlarga to’g’ri yo’l ko’rsatish.

Bugun ham Milliy markazda doktorantlar kuni bo’lib o’tdi. Bu galgi taqdimotchi Paxta seleksiyasi, urug’chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining tayanch doktoranti Muhayyo Mengnorova.

U o’zining «Surxondaryo viloyati sharoitida ingichka tolali g‘o‘za parvarishida o‘sishni sozlovchi moddalarni majmuiy qo‘llash texnologiyasi» mavzusida olib borayotgan ilmiy tadqiqoti natijalarini ekspertlarga so’zlab berdi.

Tadqiqotning maqsadi

Surxondaryo viloyatining ekstremal iqlim sharoitida ingichka tolali g‘o‘zani parvarishlashda o‘sishni sozlovchi moddalarni majmuiy qo‘llash orqali nihollar unib chiqishini tezlashtirish, kasalliklarga bardoshliligini oshirish, o‘simlikning jadal o‘sishi-rivojlanishini ta’minlash, yuqori va sifatli paxta hosili yetishtirish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.

Taqdimotning ilmiy yangiligi sifatida olima ilk bor Surxondaryo viloyatining o‘tloqilashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida chigitni ekish oldidan hamda g‘o‘zaning shonalash va gullash davrlarida o‘sishni sozlovchi moddalarni majmuiy qo‘llashning maqbul muddat va me’yorlari ishlab chiqmoqda.

Uzgumi, Fitovak va Bioduks stimulyatorlari chigitga maqbul me’yorlarda qo‘llanilganda nihollar unib chiqishi tezlashgan va kasalliklarga bardoshliligi ortishi aniqlanganini ekspertlarga ma’lum qildi.

Ekspertlar taqdimot bilan tanishgach, olingan natijalar va taqqoslovlarning qanchalik aniqligi to’g’risida va bu tadqiqotning ijobiy natija bilan yakunlanishiga nechog’lik ta’sir ko’rsatishi xususida savollar berdi. Ustoz olimlar doktorantga ilmiy ishni aniq, puxta va asosli izlanishlar bilan boyitish lozimligini ta’kidlashdi.

Прокрутить вверх